"O`zbek tilining so`z tarkibi lug`ati"
50 mingga yaqin so`z asos va qo`shimchalarga ajratilgan.
422 ta morfema izohlab o`tilgan.
Batafsil...Filologiya fanlari doktori (DSc) Zaripov Rafiqjon Ergashboy o‘g‘lining "Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda til siyosati: bilingvizm va plyuralingvizm" nomli monografiyasi nashrdan chiqdi.
Ushbu monografiyada o‘zbek tilining davlat tili sifatida shakllanish, amal qilish va rivojlanish yo‘llari, O‘zbekistondagi lisoniy vaziyat, bilingvizm va plyuralingvizm hodisalarining lingvistik jihatlari yoritilgan.
Batafsil...Filologiya fanlari doktori (DSc) Zaripov Rafiqjon Ergashboy o‘g‘lining "O‘zbekistonda davlat tili menejmenti: sotsiolingvistik aspekti va huquqiy-me’yoriy asoslar" nomli monografiyasi nashrdan chiqdi.
Ushbu monografiyada O‘zbekistondagi davlat tili menejmenti va til siyosatini til va jamiyat mushtarakligi tamoyillari asosida tavsiflash, ularning huquqiy-me’yoriy asoslarini dalillash va davlat tili menejmentini samarali yo‘lga qo‘yishda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan sotsiolingvistik omillar, normativ asoslarni jahon tajribasi asosida belgilash masalalari yoritilgan.
Batafsil...2025- yilning 22-yanvar kuni Alfraganus universitetida Sharq filologiyasi kafedrasi tashabbusi bilan atoqli tilshunos, filologiya fanlari doktori, professor BAXTIYOR MENGLIYEV bilan “Filologik tadqiqotlar: kecha, bugun, ertaga” mavzusida ilmiy-uslubiy seminar tashkil etildi.
Bugungi kun tadqiqotlari qanday bo‘lishi kerak? Tilshunosligimiz oldida qanday muammolar bor? Yetuk filolog kadrlar tayyorlashda qanday fanlarni o‘qitish ahamiyatli? Dissertatsiya yozishda nimalarga e’tibor qaratish zarur? Tadqiqot metodologiyasi va metodlari kabi masalalar haqida ustozning teran fikrlari, ayrim so‘zlarning ma’nolari xususidagi zargarona tahlillari barchada qiziqish uyg‘otdi.
Seminarda universitet professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar va magistrantlar bilan birga zoom havolasi orqali respublikamizning turli hududlaridan 100ga yaqin tinglovchilar ishtirok etganligi kun tartibidagi mavzuning dolzarbligidan darak beradi.
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori O.Ro‘ziyev va Filologiya fanlari doktori, professor B.Menglievlar ishtirokida Denov tadbirkorlik va pedagogika institutidagi o‘zgarishlar hamda O‘zbek amaliy tilshunosligi ilmiy maktabi, O‘zbek tilidagi ayrim grammatik shakllargina sintaktik vazifa bajaradi degan an’anaviy qarashlar va barcha grammatik shakllar sintaktik imkoniyatlarga egaligi mavsusida ilmiy tadqiqot metodologiyasi xususida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda barcha yo‘nalish professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar va ilmga qiziqqan talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Batafsil...Ma’lumki, mumtoz adabiyot namunalari ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, ular yaratilgan davrdagi til, uslub va badiiy vositalar bugungi kitobxon uchun murakkab bo‘lishi tabiiy. Bu esa matnlarni zamonaviy o‘quvchi uchun tushunarli shaklga keltirish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Moslashtirish jarayoni bir qator maqsadlarni ko‘zlaydi. Jumladan, asar g‘oyasi va mazmunini saqlab qolgan holda, uni zamonaviy til me’yorlariga moslash; murakkab so‘z va iboralarni bugungi kitobxon tushuna oladigan muqobillari bilan almashtirish; asarning badiiy-estetik qiymatini yo‘qotmasdan, uni keng kitobxonlar ommasi uchun qulaylashtirishdan iboratdir.
Moslashtirishning asosiy tamoyillari asliyatga sodiqlik, zamonaviylashtirish me’yori, izohlar tizimini o‘z ichiga oladi. Bu asarning g‘oyaviy-badiiy mohiyatini to‘liq saqlash, muallifning uslubiy xususiyatlarini iloji boricha aks ettirish, davr ruhini saqlab qolishni o‘z ichiga oladi.
Matnni zamonaviylashtirishda muayyan chegaralarni, jumladan, eskirgan so‘zlarni zamonaviy muqobillari bilan almashtirish; grammatik shakllarni hozirgi til me’yorlariga moslash; jumla tuzilishini soddalashtirib, tushunarli qilishni belgilash muhim. Moslashtirilgan matnga ilmiy-izohli apparatni ilova qilish zarur. Chunki murakkab so‘z va iboralarning ma’nolarini tushuntirish, tarixiy voqea va shaxslar haqida ma’lumot berish, badiiy san’atlar va ramziy ma’nolarni sharhlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Qomusiy olim Baxtiyor Mengliyev tomonidan o‘zbek ilmida katta xazina yaratildi. Bu buyuk Alisher Navoiy bobomizning falsafiy asari “Lison ut-tayr”ning hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi moslashtirilgan matnidir. Mazkur muhtasham ish alohida e’tiborga loyiq. Ustoz tomonidan tayyorlangan moslashtirilgan matn nafaqat ilmiy-nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham ega bo‘lib, bu sohada yangi yo‘nalish, ya’ni “Tabdil ilmi” o‘quv fani – ijtimoiy ehtiyoj ekanligi asoslab berildi. Muallif Navoiy asarining she’riy va mazmuniy xususiyatlarini saqlagan holda, uni bugungi kitobxon uchun qiziqarli hamda tushunarli shaklga keltira olgan. Bu esa katta mahorat va chuqur ilmiy-nazariy tayyorgarlikni talab etadigan vazifa bo‘lib, olim buni uddasidan chiqa olgan.
Mumtoz asarlarni moslashtirish – murakkab va mas’uliyatli jarayon bo‘lib, u adabiyotshunoslik, tilshunoslik va tarjimashunoslik sohalarining uyg‘unligini talab etadi. Bu jarayonda asarning asl mohiyatini saqlagan holda, uni zamonaviy kitobxon uchun tushunarli va qiziqarli qilish muhim vazifa hisoblanadi. Moslashtirilgan matnlar ustida ishlashda professional yondashuv, chuqur bilim va tajriba talab etiladi. Professor B.Mengliyevda bunday salohiyat, zakovat juda yuqori ekanligi mazkur ishga qo‘l urilanidan va muvaffaqiyatli natijadan yaqqol sezilib turibdi.
Asarning ilmiy apparati ham alohida e’tirofga loyiq. Olim qo‘llagan moslashtirish tamoyillari va mezonlari ilmiy asoslangan bo‘lib, ular bir qator afzalliklarga ega. Unda Navoiy uslubining o‘ziga xosligi aks ettirilib, zamonaviy til me’yorlariga mosligi, ilmiy-izohli apparatning mukammalligi ta’minlangan. Moslashtirilgan matnning yana bir muhim jihati – unda qo‘llanilgan innovatsion yondashuvlardir. Muallif an’anaviy usullar bilan bir qatorda, zamonaviy tilshunoslik va adabiyotshunoslik yutuqlaridan ham unumli foydalangan. Bu esa matnning ilmiy-nazariy saviyasini yanada oshirgan.
Moslashtirishning lingvistik, badiiy-estetik va ijtimoiy-madaniy muammolari mavjud bo‘lib, olim mazkur qiyinchiliklarni yengib o‘tgan. Arxaik so‘zlarning zamonaviy muqobillarini tanlash qiyinchiligi, grammatik shakllarni moslashtirish murakkabligi, uslubiy xususiyatlarni, asar badiiyatini saqlash masalasi; ramziy ma’nolarni yetkazish muammosi, tasviriy vositalarni saqlash zaruriyatiga silliqqina yechim topilgan.
Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr” asarining hozirgi o‘zbek tiliga moslashtirish muhim ahamiyatga ega bo‘lib, quyidagi yutuqlarni alohida qayd etish mumkin:
1. Tilning soddalashtirilishi – asar matni zamonaviy o‘zbek tiliga moslashtirilishi tufayli keng kitobxonlar ommasi uchun tushunarli bo‘ldi. Bu esa asarning g‘oyaviy-badiiy qimmatini to‘liqroq anglash imkonini beradi.
2. Yoshlar uchun qulaylik – ayniqsa yoshlar uchun asarni o‘qish va tushunish ancha osonlashdi. Bu esa milliy adabiyotimizning nodir namunalarini yosh avlodga yetkazishda muhim qadam hisoblanadi.
3. Tasavvufiy g‘oyalarning ochib berilishi – asardagi chuqur tasavvufiy ma’no va ramzlar zamonaviy tilda ifodalanishi orqali kitobxonlar uchun tushunarli tarzda yetkazilgan.
4. Badiiy obrazlarning saqlanishi – matnni zamonaviylashtirishda asar badiiyati, obrazlar tizimi va ramziy ma’nolar saqlab qolingan holda amalga oshirilgan.
5. Ilmiy ahamiyati – matnning hozirgi o‘zbek tiliga moslashtirilishi adabiyotshunoslik va tilshunoslik nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega bo‘lib, klassik adabiyot namunalarini o‘rganish va tadqiq etishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu yutuqlar Alisher Navoiy merosini keng ommaga yetkazish va uni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi ishlar klassik adabiyotimizni zamonaviy kitobxonga yaqinlashtirish va milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda muhim o‘rin tutadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, “Lisonut - tayr”ning falsafiy g‘oyalarini bugungi kitobxon tushunishi, uqishi hamda tarbiyaviy ahamiyatidan oziqlanishi uchun mazkur tabdil dasturulamal bo‘lishi shubhasiz. Hudhud tilidan aytilgan quyidagi nasihatomuz javobga diqqat qiling:
Nafsing senga gar yaqindir shunchalar,
Hatto Iblis ip esholmas bunchalar.
Nafs ko‘nglingga qancha solgay g‘ururni,
Va ketkazgay qalbga shuncha puturni.
Uni ko‘rib shayton bo‘lar xo‘p hayron,
Hayrat dashti uzra bo‘lur sargardon….
…Dema shayton seni xor-zor qilibdi,
U nafsingni vakil qilib olibdi….
Insonni xor etadigan nafsnng ofati haqidagi baytlarning bugungi o‘zbek tilimizga moslashtirilgani hech qiyinchiliksiz, silliq va yengil o‘qiladi hamda uqiladi. Asarning har bir misrasi insonning hayotini yorituvchi, unga ta’lim-tarbiya berib, to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, umr mohiyatini, din mazmunini anglashga ko‘maklashuvchi bebaho durdonadir. Mana shu ne’matdan bugungi o‘quvchining bahramand bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan Ustozimiz Baxtiyor Mengliyevga cheksiz tashakkur izhor etamiz.
Asarning o‘quv jarayonidagi ahamiyati ham katta. Moslashtirilgan matn maktab partasida o‘tirgan o‘quvchilardan tortib oliy o‘quv yurtlari talabalari, magistrantlar va tadqiqotchilar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, u keng kitobxonlar ommasiga ham mo‘ljallangan. B.Mengliyev tomonidan amalga oshirilgan bu tadqiqot o‘zbek mumtoz adabiyotini o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida muhim qadam bo‘ldi. U nafaqat “Lisonut-tayr”ni o‘rganish, balki boshqa mumtoz asarlarni moslashtirish uchun ham metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mazkur tadqiqot nafaqat navoiyshunoslik, balki umuman, o‘zbek adabiyotshunosligi, amaliy tilshunoslik uchun katta ahamiyatga ega. U mumtoz asarlarni moslashtirish sohasida yangi yo‘nalish ochib, bu borada kelajakda amalga oshiriladigan tadqiqotlar uchun ilmiy-nazariy va amaliy asos yaratdi. Moslashtirilgan matnni ta’lim muassasalarida keng joriy etish, matnni elektron formatga o‘tkazib, onlayn platformalarda joylash hamda asarning audio versiyasini yaratish borasida amaliy ishlarni kun tartibiga qo‘yish kerak.
Batafsil...Bugun insonlar baxt izlab turli yo‘llarni sinab ko‘rishadi – motivatsion kitoblar, turli psixologik mashg‘ulotlar va shu kabilar. Biroq ko‘pchilik bundan istagan xotirjamligini topa olmaydi. Chunki ular tashqi yutuqlarni ichki barqarorliksiz, ma’naviy bo‘shliq evaziga qozonishga harakat qilishadi. Natijada moddiy jihatdan yuqori darajaga chiqsa ham, qalbida nimadir yetishmayotgandek tuyuladi. Shu insonlar qatori men ham qalb xotirjamligini izlab turli kitoblarga murojaat qildim, toki Ustozim tomonlaridan moslashtirilgan “Lisonut -tayr” ni o‘qimaguncha. Asarda qushlarning sayohati bilan birga mening ham ichki sayohatim boshlandi. Qushlar singari o‘zimdagi cheklov, qo‘rquv va istaklarimni anglab yeta boshladim:
Tovus – shuhratga intilib, hayotning asl ma’nosidan uzoqlashgan inson;
Bulbul – hissiyot va muhabbat girdobida qolgan qalb;
Kaklik– dangasalik, qo‘rquv va qulaylikni tark eta olmaydigan odam…
Bugungi insonlar ham shu holatda – har kimning qalbida tovus, bulbul yoki kaklik yashaydi. Kimdir shon-shuhrat ortidan quvib, hayotning haqiqiy mazmunini unutadi. Kimdir faqat muhabbat va tuyg‘ular bilan band bo‘lib, rivojlanishni to‘xtatadi. Kimdir esa qulaylik va xavfsizlik qobig‘idan chiqishga qo‘rqadi. Men qaysi qushman? Zamonaviy inson sifatida muammolarim va ichki kechinmalarimning tahlilini “Lisonut tayr” hikmatlarida ko‘ra boshladim. Demak, mumtoz asarlar nafaqat adabiy yodgorlik balki, zamonaviy inson uchun o‘zlikni anglashning yo‘l xaritasi ham bo‘lar ekan. Salkam olti yuz yillik donishmandlik, falsafiy va ma’naviy saboq zamonaviy formatda tushuntirilsa, zamonaviy inson muammolariga yechim bo‘lishi “Yetti vodiy” ning talqinida o‘z aksini topgan.
Har bir davrning tafakkuri, tili va, albatta, o‘quvchisi bo‘ladi. Original asarning mohiyati buzilmay, bugungi tafakkurga moslashtirilgan baytlari kishi qalbiga yaqinroq tuyuladi.
Asl matndan parcha: “Kimsa bo‘ldi ishq aro tushkan dam o't,
O'tqa nekim tushdi bo‘ldi ul ham o't.”
Moslashtirilgan matn: “Oshiqlikdan kimga yetsa magar o't,
Ajablanma, o'tga tushgan bo‘lar o't.”
Asl matn arxaik tuzilishga ega bo‘lib, undagi jumlalar murakkab grammatik konstruksiyalar bilan ifodalangan, bu esa zamonaviy o‘quvchiga begona tuyulishi mumkin. Moslashtirilgan matn esa asl matnning teran hikmatini saqlab qolgan holda jonli va ta’sirchan bo‘lib qolgan. Nutq tabiiy, mantiqiy, ritmik tuzilgani va bugungi adabiy til me’yorlariga yaqinligi sabab tez qabul qilinadi. Shuningdek, poetik tasvirlarning (ishq, o‘t), vaznning saqlanishi estetik zavq beradi.
Xullas, o‘quvchi mumtoz matnni tushunish uchun mumtoz asarlar lug‘atiga murojaat qilishga majbur emas. Chunki “Lisonut – tayr” ning hikmatlari uning tili va tafakkuriga moslashgan holda taqdim etilgan.
Hikmatni faqat o‘qish emas, undan foydalanish muhim. Inson har doim hayotning mazmunini anglashga intilgan. Chuqur hayot falsafasi singdirilgan “Lison ut-tayr” singari mumtoz asarlarning zamonaviy auditoriyaga moslashishi bugungi kun kishisi uchun o‘zlikni anglash yo‘lida qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois mumtoz hikmatning zamonaviy talqinda taqdim etilishi hayotiy zaruratga aylanmoqda.
Batafsil...
İlmiy tadqiqotlarga tõlib-toşgan USTOZ!
Ha. Ustozimiz ilm-fanga şuncalik şõnğiganlarki, Ulardagi yangi-yangi qaraşlar, yangi-yangi mavzular nafaqat yuzlab, balki yuz minglab olimlar ucun ustozlik qila olişlari mumkinligining isboti ekanini har bir suhbatlardan anglaydi kişi.
Juda mazmunli suhbat bõlibdi. Birinci 5 daqiqasidayoq anca ilm oldim.
Haqiqatan ham, jamiyatdagi muammolarni ilm-fan nuqatyi nazaridan hal etmay uni ma’muriy yõl bilan hal qilaverar ekanmiz, bizda õsiş bõlmaydi, rivojlaniş bõlmaydi. Ustoz aytganlaridek, daryolarning nomini õrganib, uni tadqiq etgandan kõra cõllaşişga qarşi qaratilgan, kam suv sarf qilib kõproq natija olsa bõladigan işlar jamiyatga kõproq naf keltiradi. Bu birgina misol xolos! Rivojlangan mamlakatlar ilm-fanning ana şu kucidan foydalanib misli kõrilmagan natijalarga erişmoqdalar.
Kambağallikni qisqartiriş borasida bergan takliflari ham juda õrinli deb bilaman. Psixologlar ucun kõplab ilmiy işlar mana şu yõnalişda borligini payqaşimiz mumkin.
Bugungi kunda faqat ilmiy daraja oliş ucungina tadqiqot olib boradigan, õz işining fanga qõşadigan xissasi haqida boş qotirmaydigan, umuman, fanning oğriqli nuqtasiga malham bõliş haqida õylamay, tadqiqot ortidan keladigan yengil hayotga intiladigan olimlar ham yõq emas. Ana şunday olimlar haqida aytilgan fikrlarni ham juda õrinli deb bilaman.
“Adabiy terapiya” fani haqida aytgan gaplari bõlğusi adabiyotşunos olimlar ucun katta turtki bõlişi mumkin. Õzbek adabiyotida hali hec kim qõl urmagan ammo juda kerakli bõlgan bu yõnalişdagi tadqiqotlar ham barcamiz ucun foydali bõladi.
Bunday olimlardan kõproq foydalanib qolişimiz kerak. Mana şunday suhbatlarga tez-tez caqirib, fikrlarini tarixga muhrlab oliş lozim. Universitetlarga suhbatga caqiriş an’anaga aylanib bormoqda. Bu esa ilmning qadrini biladiganlar kõpligidan dalolat beradi.
Batafsil...