L o a d i n g

“LISONUT-TAYR”NING “YANGI HAYOTI” YOXUD MOSLASHTIRILGAN MATN



Ma’lumki, mumtoz adabiyot namunalari ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, ular yaratilgan davrdagi til, uslub va badiiy vositalar bugungi kitobxon uchun murakkab bo‘lishi tabiiy. Bu esa matnlarni zamonaviy o‘quvchi uchun tushunarli shaklga keltirish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Moslashtirish jarayoni bir qator maqsadlarni ko‘zlaydi. Jumladan, asar g‘oyasi va mazmunini saqlab qolgan holda, uni zamonaviy til me’yorlariga moslash; murakkab so‘z va iboralarni bugungi kitobxon tushuna oladigan muqobillari bilan almashtirish; asarning badiiy-estetik qiymatini yo‘qotmasdan, uni keng kitobxonlar ommasi uchun qulaylashtirishdan iboratdir. 

Moslashtirishning asosiy tamoyillari asliyatga sodiqlik, zamonaviylashtirish me’yori, izohlar tizimini o‘z ichiga oladi. Bu asarning g‘oyaviy-badiiy mohiyatini to‘liq saqlash, muallifning uslubiy xususiyatlarini iloji boricha aks ettirish, davr ruhini saqlab qolishni o‘z ichiga oladi.

Matnni zamonaviylashtirishda muayyan chegaralarni, jumladan, eskirgan so‘zlarni zamonaviy muqobillari bilan almashtirish; grammatik shakllarni hozirgi til me’yorlariga moslash; jumla tuzilishini soddalashtirib, tushunarli qilishni belgilash muhim. Moslashtirilgan matnga ilmiy-izohli apparatni ilova qilish zarur. Chunki murakkab so‘z va iboralarning ma’nolarini tushuntirish, tarixiy voqea va shaxslar haqida ma’lumot berish, badiiy san’atlar va ramziy ma’nolarni sharhlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Qomusiy olim Baxtiyor Mengliyev tomonidan o‘zbek ilmida katta xazina yaratildi. Bu buyuk Alisher Navoiy bobomizning falsafiy asari “Lison ut-tayr”ning hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi moslashtirilgan matnidir. Mazkur muhtasham ish alohida e’tiborga loyiq. Ustoz tomonidan tayyorlangan moslashtirilgan matn nafaqat ilmiy-nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham ega bo‘lib, bu sohada yangi yo‘nalish, ya’ni “Tabdil ilmi” o‘quv fani – ijtimoiy ehtiyoj ekanligi asoslab berildi. Muallif Navoiy asarining she’riy va mazmuniy xususiyatlarini saqlagan holda, uni bugungi kitobxon uchun qiziqarli hamda tushunarli shaklga keltira olgan. Bu esa katta mahorat va chuqur ilmiy-nazariy tayyorgarlikni talab etadigan vazifa bo‘lib, olim buni uddasidan chiqa olgan.

Mumtoz asarlarni moslashtirish – murakkab va mas’uliyatli jarayon bo‘lib, u adabiyotshunoslik, tilshunoslik va tarjimashunoslik sohalarining uyg‘unligini talab etadi. Bu jarayonda asarning asl mohiyatini saqlagan holda, uni zamonaviy kitobxon uchun tushunarli va qiziqarli qilish muhim vazifa hisoblanadi. Moslashtirilgan matnlar ustida ishlashda professional yondashuv, chuqur bilim va tajriba talab etiladi. Professor B.Mengliyevda bunday salohiyat, zakovat juda yuqori ekanligi mazkur ishga qo‘l urilanidan va muvaffaqiyatli natijadan yaqqol sezilib turibdi. 

Asarning ilmiy apparati ham alohida e’tirofga loyiq. Olim qo‘llagan moslashtirish tamoyillari va mezonlari ilmiy asoslangan bo‘lib, ular bir qator afzalliklarga ega. Unda Navoiy uslubining o‘ziga xosligi aks ettirilib, zamonaviy til me’yorlariga mosligi, ilmiy-izohli apparatning mukammalligi ta’minlangan. Moslashtirilgan matnning yana bir muhim jihati – unda qo‘llanilgan innovatsion yondashuvlardir. Muallif an’anaviy usullar bilan bir qatorda, zamonaviy tilshunoslik va adabiyotshunoslik yutuqlaridan ham unumli foydalangan. Bu esa matnning ilmiy-nazariy saviyasini yanada oshirgan.

Moslashtirishning lingvistik, badiiy-estetik va ijtimoiy-madaniy muammolari mavjud bo‘lib, olim mazkur qiyinchiliklarni yengib o‘tgan. Arxaik so‘zlarning zamonaviy muqobillarini tanlash qiyinchiligi, grammatik shakllarni moslashtirish murakkabligi, uslubiy xususiyatlarni, asar badiiyatini saqlash masalasi; ramziy ma’nolarni yetkazish muammosi, tasviriy vositalarni saqlash zaruriyatiga silliqqina yechim topilgan.

Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr” asarining hozirgi o‘zbek tiliga moslashtirish muhim ahamiyatga ega bo‘lib, quyidagi yutuqlarni alohida qayd etish mumkin:

1. Tilning soddalashtirilishi – asar matni zamonaviy o‘zbek tiliga moslashtirilishi tufayli keng kitobxonlar ommasi uchun tushunarli bo‘ldi. Bu esa asarning g‘oyaviy-badiiy qimmatini to‘liqroq anglash imkonini beradi.

2. Yoshlar uchun qulaylik – ayniqsa yoshlar uchun asarni o‘qish va tushunish ancha osonlashdi. Bu esa milliy adabiyotimizning nodir namunalarini yosh avlodga yetkazishda muhim qadam hisoblanadi.

3. Tasavvufiy g‘oyalarning ochib berilishi – asardagi chuqur tasavvufiy ma’no va ramzlar zamonaviy tilda ifodalanishi orqali kitobxonlar uchun tushunarli tarzda yetkazilgan.

4. Badiiy obrazlarning saqlanishi – matnni zamonaviylashtirishda asar badiiyati, obrazlar tizimi va ramziy ma’nolar saqlab qolingan holda amalga oshirilgan.

5. Ilmiy ahamiyati – matnning hozirgi o‘zbek tiliga moslashtirilishi adabiyotshunoslik va tilshunoslik nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega bo‘lib, klassik adabiyot namunalarini o‘rganish va tadqiq etishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu yutuqlar Alisher Navoiy merosini keng ommaga yetkazish va uni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi ishlar klassik adabiyotimizni zamonaviy kitobxonga yaqinlashtirish va milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda muhim o‘rin tutadi.

Shuni ta’kidlash kerakki, “Lisonut - tayr”ning falsafiy g‘oyalarini bugungi kitobxon tushunishi, uqishi hamda tarbiyaviy ahamiyatidan oziqlanishi uchun mazkur tabdil dasturulamal bo‘lishi shubhasiz. Hudhud tilidan aytilgan quyidagi nasihatomuz javobga diqqat qiling:

 

Nafsing senga gar yaqindir shunchalar,

Hatto Iblis ip esholmas bunchalar.

 

Nafs ko‘nglingga qancha solgay g‘ururni,

Va ketkazgay qalbga shuncha puturni.

 

Uni ko‘rib shayton bo‘lar xo‘p hayron,

Hayrat dashti uzra bo‘lur sargardon….

 

…Dema shayton seni xor-zor qilibdi,

U nafsingni vakil qilib olibdi….

 

Insonni xor etadigan nafsnng ofati haqidagi baytlarning bugungi o‘zbek tilimizga moslashtirilgani hech qiyinchiliksiz, silliq va yengil o‘qiladi hamda uqiladi. Asarning har bir misrasi insonning hayotini yorituvchi, unga ta’lim-tarbiya berib, to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, umr mohiyatini, din mazmunini anglashga ko‘maklashuvchi bebaho durdonadir. Mana shu ne’matdan bugungi o‘quvchining bahramand bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan Ustozimiz Baxtiyor Mengliyevga cheksiz tashakkur izhor etamiz.

Asarning o‘quv jarayonidagi ahamiyati ham katta. Moslashtirilgan matn maktab partasida o‘tirgan o‘quvchilardan tortib oliy o‘quv yurtlari talabalari, magistrantlar va tadqiqotchilar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, u keng kitobxonlar ommasiga ham mo‘ljallangan. B.Mengliyev tomonidan amalga oshirilgan bu tadqiqot o‘zbek mumtoz adabiyotini o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida muhim qadam bo‘ldi. U nafaqat “Lisonut-tayr”ni o‘rganish, balki boshqa mumtoz asarlarni moslashtirish uchun ham metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mazkur tadqiqot nafaqat navoiyshunoslik, balki umuman, o‘zbek adabiyotshunosligi, amaliy tilshunoslik uchun katta ahamiyatga ega. U mumtoz asarlarni moslashtirish sohasida yangi yo‘nalish ochib, bu borada kelajakda amalga oshiriladigan tadqiqotlar uchun ilmiy-nazariy va amaliy asos yaratdi. Moslashtirilgan matnni  ta’lim muassasalarida keng joriy etish, matnni elektron formatga o‘tkazib, onlayn platformalarda joylash hamda asarning audio versiyasini yaratish borasida amaliy ishlarni kun tartibiga qo‘yish kerak.




Sh.K.Gulyamova