L o a d i n g

"LISON UT-TAYR" ning moslashtirilgan matni kitobi bo`yicha fikrlar



Bugun insonlar baxt izlab turli yo‘llarni sinab ko‘rishadi – motivatsion kitoblar, turli psixologik mashg‘ulotlar  va shu kabilar.  Biroq ko‘pchilik bundan  istagan xotirjamligini topa olmaydi.  Chunki ular tashqi yutuqlarni ichki barqarorliksiz, ma’naviy bo‘shliq evaziga  qozonishga harakat qilishadi. Natijada moddiy jihatdan yuqori darajaga chiqsa ham, qalbida nimadir yetishmayotgandek tuyuladi. Shu insonlar qatori men ham qalb xotirjamligini izlab turli kitoblarga murojaat qildim,   toki  Ustozim tomonlaridan moslashtirilgan “Lisonut -tayr” ni o‘qimaguncha.  Asarda qushlarning sayohati bilan birga mening ham ichki sayohatim boshlandi.  Qushlar singari o‘zimdagi cheklov, qo‘rquv va istaklarimni anglab yeta boshladim: 

Tovus – shuhratga intilib, hayotning asl ma’nosidan uzoqlashgan inson; 

Bulbul – hissiyot va muhabbat girdobida qolgan qalb;

Kaklik– dangasalik, qo‘rquv va qulaylikni tark eta olmaydigan odam… 

Bugungi insonlar ham shu holatda – har kimning qalbida tovus, bulbul yoki kaklik yashaydi. Kimdir shon-shuhrat ortidan quvib, hayotning haqiqiy mazmunini unutadi. Kimdir faqat muhabbat va tuyg‘ular bilan band bo‘lib, rivojlanishni to‘xtatadi. Kimdir esa qulaylik va xavfsizlik qobig‘idan chiqishga qo‘rqadi.  Men qaysi qushman? Zamonaviy inson  sifatida   muammolarim  va ichki kechinmalarimning tahlilini “Lisonut tayr” hikmatlarida  ko‘ra boshladim. Demak, mumtoz asarlar nafaqat adabiy yodgorlik balki,  zamonaviy inson uchun o‘zlikni anglashning yo‘l xaritasi ham  bo‘lar ekan.  Salkam olti yuz yillik donishmandlik, falsafiy va ma’naviy saboq zamonaviy formatda  tushuntirilsa, zamonaviy inson muammolariga yechim bo‘lishi “Yetti vodiy” ning talqinida o‘z aksini topgan. 

Har bir davrning tafakkuri, tili va, albatta, o‘quvchisi bo‘ladi. Original asarning mohiyati buzilmay,  bugungi tafakkurga moslashtirilgan baytlari kishi qalbiga yaqinroq tuyuladi.  

  Asl matndan parcha: “Kimsa bo‘ldi ishq aro tushkan dam o't,

                                    O'tqa nekim tushdi bo‘ldi ul ham o't.”

Moslashtirilgan matn: “Oshiqlikdan kimga yetsa magar o't,

Ajablanma, o'tga tushgan bo‘lar o't.”

Asl matn arxaik tuzilishga ega bo‘lib, undagi jumlalar murakkab grammatik konstruksiyalar bilan ifodalangan,  bu esa zamonaviy o‘quvchiga begona tuyulishi mumkin.  Moslashtirilgan matn esa asl matnning teran hikmatini saqlab qolgan holda jonli va ta’sirchan bo‘lib qolgan. Nutq tabiiy, mantiqiy, ritmik tuzilgani  va bugungi adabiy til me’yorlariga yaqinligi sabab tez qabul qilinadi.  Shuningdek, poetik tasvirlarning (ishq, o‘t), vaznning saqlanishi  estetik zavq beradi. 

  Xullas, o‘quvchi mumtoz matnni tushunish uchun  mumtoz asarlar lug‘atiga murojaat qilishga majbur emas.  Chunki “Lisonut – tayr” ning hikmatlari uning tili va tafakkuriga moslashgan holda taqdim etilgan.

Hikmatni faqat o‘qish emas, undan foydalanish muhim. Inson har doim hayotning mazmunini anglashga intilgan.   Chuqur hayot falsafasi singdirilgan “Lison ut-tayr” singari mumtoz  asarlarning  zamonaviy auditoriyaga moslashishi  bugungi kun kishisi uchun o‘zlikni anglash yo‘lida qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois mumtoz hikmatning zamonaviy talqinda taqdim etilishi hayotiy zaruratga aylanmoqda.




Kamola Saidova