VIJDON TARBIYASI
Zamonaviy dunyo tez o‘zgarishi, raqamli texnologiyalar va doimiy axborot oqimi ko‘plab qadriyatlarni qayta ko‘rib chiqishga majbur etayotir. Ulardan biri – vijdon. Ilgari bu tarbiya va ta‘limning ajralmas qismi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda arxaizm, o‘tmish yodgorligi kabi eshitiladi. Nima uchun bu sodir bo‘layotir? Vijdon muammosi urfdan qoldimi yoki uni unutildimi?
Vijdon shunchaki axloqiy qoida yoki ijtimoiy me’yor to‘plami emas. U – harakatlarimizni xolis baholashimiz, ular uchun mas’uliyatni his etishimiz va e’tiqodimizga muvofiq tanlov qilishimizga yordam beradigan ichki “ovoz”imiz. Vijdon – axloqning asosi, shaxs ma’naviyatining o‘zagi. Ammo bu “ovoz” kundan-kun pasayib borayotir.
Nega biz vijdon tarbiyalashni to‘xtatdik?. Uning sabablari nimada?:
1) o‘zgaruvchan qadriyatlar: iste‘mol jamiyatida noddiy foyda, pragmatizm va individualizm hukmronlik qiladi. Vijdon o‘z o‘rnini shaxsiy manfaat va bu boradagi yutuqlarga intilishga bo‘shatadi;
2) o‘rnak yo‘qligi: yolg‘on, insofsizlik, aldov va firibga to‘la dunyoda yoshlarga namuna anqoning urug‘I kabi noyob. Ular vijdonga ko‘ra yashashni ko‘rsatadigan hech kimni bilmaydi;
3) axborot yukining ortib ketganligi: turli manbalardan kelayotgan doimiy axborot oqimi yoshlarning axloqiy masalalar haqida chuqur fikr yuritishiga va o‘z fikrini shakllantirishiga vaqt qoldirmayapti.
Vijdon tarbiyasini tiklash mumkinmi? Ha, mumkin va juda ham zarur. Ayniqsa, “halol” va “harom” tushunchalari fagat yegulikka nisbatan qo‘llanadigan bo‘lib qolgan bugungi zamonimizda. Buning uchun quyidagilarni amalga oshirish kerak:
“Vijdon kodeksi”ni yaratish va ommalashtirsh: uning siyqalashishib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan ommalashtirish;
ochiqlik va ishonch muhitini yaratish: ta’lim muassasasi axloqiy masalalarni erkin muhokama qilish, haqiqatni izlash va hayotning mazmuni haqida fikr yuritish uchun imkoniyat va sharoit yaratishi darkor;
ta’lim jarayoniga vijdon muammosiga daxldor badiiy adabiyot, tarix, falsafani kiritish: bu fanlar hamdardlik, boshqa odamlarga hurmat va axloqiy qadriyatlarni tushunish tuyg'ularini tarbiyalashga qodir;
tanqidiy fikrlashni rivojlantirish: yoshlar axborotni tahlil qilishni, xatti-harakatlarni axloqiy nuqtayi nazardan baholashni va o‘z fikrini shakllantirishni o‘rganishi kerak;
o‘rnak bo‘lish: ustoz, ota-ona, amaldor, din targ‘ibotchilari va, qolaversa, tarbiyaga doxil har bir kishi nafaqat bilim yetkazuvchisi, moddiy ta’minotchi, boshqaruvchi va voiz, balki axloqiy qadriyatlar, xususan, vijdon sohibi ham bo‘lishi lozim. Ularning harakat va so‘zlari e’tiqodi va amaliga mos kelishi zarur.
Xullas, vijdon masalasi shaxsiy manfaat ustuvorlik qiladigan bozor munosabatlari sharoitida yanada dolzarblashmoqda. Insoniyatning bugungi global muammolarining barchasi – vijdonsizlik oqibati. Bu esa insoniyatni halokat sari haydamoqda. Vijdon tarbiyasi – dunyoni isloh qilmoqchi bo‘lgan har bir shaxs va jamiyatrning eng birinchi vazifasidir. Hatto non va maktab ehtiyoji ham undan keyin turishi kerak.