L o a d i n g

TA’LIM – SISTEMA: BIR ELEMENTI ISHLAMASA, U ISHLASHDAN TO’XTAYDI



TA’LIM – SISTEMA




Murakkab soat mexanizmini tasavvur qiling.  O’nlab muruvvatning har biri uning benuqson ishlashi uchun alohida qimmatga ega va juda zarur. Bir unsur ishlamay qolishi bilan butun mexanizm faoliyati to’xtaydi. Ta’lim jarayoni shunday mexanizmga o’xshaydi: har bir element o’zaro bog’liq va bir bo’g’indagi nosozlik muqarrar ravishda butun sistemaga ta’sir qiladi. 

Ta’lim tizimini quyidagi elementlar tashkil qiladi: 1) talaba – sistema uchun markaziy element. Uning ilhomlanishi, bilimga intilishi va individual xususiyatlari muvaffaqiyat uchun eng muhim omil; 2) o’qituvchi – nafaqat bilim uzatuvchi, balki ilhomlantiruvchi, har bir talabani qanday qiziqtirish, rag’batlantirish va salohiyatini ochishga yordam berishni biladigan murabbiy; 3) o’quv dasturi va meteriallari dolzarb, qiziqarli, zamonaviy voqelik va mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirilgan bo’lishi kerak; 4) moddiy-texnika bazasi – zamonaviy jihozlar, qulay o‘quv sharoiti – barchasi ta’lim jarayoni samaradorligiga ta’sir qiladi; 5) ta’lim muhiti – ishonch, o’zaro hurmat, yangiliklarga ochiqlik samarali ta’lim uchun zarur shartlardir; 6) metodika, yani  ta’lim usulining ilg’orligi jarayonning samaradorligini ta’minlaydi; 7) boshqaruv apparati – ta’limni rejalashtiruvchi, talablarni belgilovchi, nazorat qiluvchi va baholovchi tuzilma; 8) ijtimoiy psixologiya – jamiyat, oila va ota-onaning ta’lim va bilimga munosabati. 

Bu elementlar (dan biri)ning ishlamay qolishi quyidagi oqibatlarga olib keladi: 1) motivatsiyasiz talaba: o’qishga qiziqishning yo’qligi, o’z ustida ishlashni istamaslik – butun sistemaning ishlashini sekinlashtiradi; 2) ishtiyoqini yo’qotgan o’qituvchi: yetarli bilimga ega emaslik, qog’ozdagi ma’ruzani o’qib berish, talabalar muvaffaqiyatiga befarqlik, pedagogik axloqning pastligi – ta’limning ofati; 3) eskirgan o’quv dasturi va materiallari – ahamiyatsiz narsalarni o’rgatishga vaqt va kuchni behuda sarflash bo’lib, talabaga kadrlar raqobatida ustunlik bermaydi; 4) moddiy-texnik bazaning yetarli emasligi: o’quv auditoriyalarining zamonaviy emasligi, sharoitning talabga javob bermasligi, zarur jihoz va texnik vositalarning yetishmasligi – mashg’ulotlar samaradorligini pasaytiradi; 5) noqulay muhit: nizolar, hurmatsizlik, o’z fikrini bildirishdan qo’rqish – tashabbusni bostiradi, mustaqil tafakkurni bo’g’adi – o’quv jarayoniga mustabitlashtiradi; 6) yaroqsiz metodika – barcha harakatlarni samarasiz qiladi; 7) no’noq boshqaruv – byurokratiya, tizimsizlik, korrupsiya, nepotism yoxud loqaydlik o’qituvchi mehnatini yo’qqa chiqaradi; 8) nosog’lom ijtimoiy psixilogiyada bilim emas, diplom, salohiyatli kadr emas, tanish-bilishning qiymat kasb etishi talabaga noto’g’ri yo’nalishlarga motovatsiya beradi.     

Bu muammolar yechimi uchun nima qilish kerak? Ta’lim – doimiy e’tibor va rivojlanishni talab qiladigan dinamik sistema. Uning barcha elementlari ishlashini tahlil qilish, “zaif nuqta”larni zudlik bilan aniqlash va ularni isloh qilish, yangilash yo’llarini izlash lozim. Faqat barcha elementlarning muvofiqlashtirilgan faoliyati bilangina ta’lim sistemasi o’zining asosiy vazifasini muvaffaqiyatli bajarishi – zamonaviy dunyoda hayotga tayyor, barkamol, ijodiy, raqobatbardosh shaxslarni tarbiyalashi mumkin.