Dissertatsiya jarayonida e'tiborli bo`lish
Dissertatsiya yakuniga olib boradigan yo‘l aslida ulkan qurilish loyihasi: o‘z bilimingiz poydevorini yaratasiz, tadqiqot devorlarini qurasiz, himoyalangan xulosalar bilan tomini yopasiz. Va har qanday qurilish maydonchasida bo‘lgani kabi belgilangan muddatni o‘tkazib yubormaslik yoki boshqa narsalarga vaqtingizni “o‘g‘irlatmaslik”ka yordam beradigan aniq faoliyat, jarayon rejasi lozim. “Tarmoqli jadval” (“Сетевой график”) – vazifalarning tartibsiz oqimini tizimga aylantiradigan, maqsad sari ishonch bilan harakat qilish imkonini beruvchi vosita. Odatda, u qurilish jarayonida qo‘llanadi. Shuning uchun jadvalga rioya qilinmagan holatlarda qurilishdagi ishlar o‘lda-jo‘lda bo’lib yotadi. “Tarmoqli jadval” texnologiyasini ilmiy tadqiqot jarayonida ham samarali qo‘llash mumkin. Buni men shogirdlarimning ilmiy faoliyatiga tatbiq etib, yuqori natijalarga erishganlari misolida tajribada ko‘rganman. Chunki tadqiqotchilarning ko‘p muvaffaqiyatsizliklari vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olmaslik va intizomsizlikdan kelib chiqadi.
Qurilishda tarmoqli jadval ish bosqichlari o‘rtasidagi munosabatlarni kuzatish va loyihaning umumiy davomiyligini belgilaydigan muhim zanjirni aniqlashda qo‘l keladi. Dissertatsiyada u xuddi shunday ishlaydi.
“Tarmoqli jadval”da tadqiqotni bajarish ishlari yillar, choraklar, oylar, haftalar va kunlar kesimida taqsimlab chqiladi:
1) yillar bo‘yicha: butun o‘qish davri uchun belgilangan vazifalarni yillar bo‘yicha taqsimlashga, ma’lumotlarni to‘plash, materiallarni tahlil qilish, boblarni yozish kabi asosiy bosqichlarni aniqlashga yordam beradi;
2) choraklar bo‘yicha: bunda 1 yillik ish to‘rtga bo‘lib chiqiladi;
3) oylar bo‘yicha: har chorak ichida bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarni oylar kesimida batafsil ko‘rsatishga imkon beradi. Misol uchun, ma’lum bir oyda siz ma’lum bir adabiyotlarni o‘rganish, tajribalar o‘tkazish yoki muayyan bo‘limlarni yozishni rejalashtirishingiz mumkin;
4) haftalar bo‘yicha: har oylik ishni kichikroq (4 haftalik) bosqichlarga bo‘lib, haftalar uchun vazifalarni belgilab olasiz;
5) kunlar bo‘yicha: ishni to‘g‘ri rejalashtirish uchun har kuni bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarni taqsimlab, jadvalni kun darajasiga qadar batafsil bayon qilasiz.
Dissertatsiya ishini bajarish uchun tarmoqli jadvalning afzalliklari:
vizualizatsiya: jadval sizga butun ish hajmini tasavvur qilish, bosqichlar o‘rtasidagi munosabatni ko‘rib turish va ularning bir-biriga qanday ta’sir qilishini tushunish imkonini berad;
nazorat: jadval yordamida doimo yo‘lingizning qayerida ekanligingizni, qaysi vazifalar allaqachon bajarilganligini va qaysi biri bajarilishi kerakligini bilib turasiz;
vaqtni boshqarish: jadval vaqtingizni optimallashtirishga, uni vazifalar bo‘yicha taqsimlash va kechiktirishning oldini olishga yordam beradi;
mas’uliyat: kutilmagan holatlarda ham belgilangan ishni bajarish mas’uliyatini eslatib turadi.
“Tarmoqli jadval”dan foydalanib dissertatsiya ishingizni xaotik oqimdan tuzilgan tizimli loyihaga aylantirasiz, bu nafaqat samarali ishlash, balki jarayondan zavqlanish imkonini ham beradi.