L o a d i n g

O‘QILGAN SAHIFALARDAN CHIQIB, ILM YARATING



Yosh olimlarga 




Ko‘z ochirmaydigan axborot to‘zoni davrida yashayapmiz. Yoki axborot daryolar kabi har tomondan oqib, ongimiz dengizini to‘ldirmoqda. Tashnalik bilan dalillarni, nazariya va tushunchalarni qabul qilamiz, terabaytlar hajmidagi ma’lumotlarni o‘zlashtiramiz, bilimga bo‘lgan tuganmas chanqog‘imizni qondirishga harakat qilamiz. Ammo o‘zimizni olim deb hisoblash uchun shunchaki ma’lumot to‘plash kifoya qilmaydi. Bilimdonligimiz ichki bog‘liqlik va amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan bir-biridan farq qiluvchi dalillar to‘plamiga aylanib ketmayaptimi?

Bilim va ilm – bir tanganing ikki tomoni, ular dunyoni anglash yo‘lidagi ikki bosqich. Bilim – Ilm-fan binosi quriladigan poydevor. U bizga ma’lumotlarni qurilish ashyolari sifatida beradi, ammo ijodiy asarning rejasini taqdim etmaydi. Olaylik, tarix bo‘yicha yuzlab kitoblarni o‘qishimiz mumkin, lekin hali ham ijtimoiy taraqqiyotning asosiy qonuniyatlarini tushunmaymiz. Fizik qonunlar formulalarini yodlab olishimiz va bexato aytib, yozib berishimiz mumkin, lekin amalda qo‘llay olmaymiz. Chunki ular ongimizda bilim sifatidagina o‘rnashgan, xolos.  

Ilm ma’lumotni oddiy qayta ishlash (idrok etish) tugaydigan joyda boshlanadi. Bu – passiv jamg‘arma (bilim) emas, balki faol ijod mahsuli. Bu kishining tahlil qilish, sintezlash, aloqalarni topish, umumlashtirish o‘z xulosalarimizni chiqarish va yangi g‘oyalarni yaratish qobiliyatidir. 

Ilm dalillarning shunchaki tizmasi yoki jo‘n bayoni emas, balki hatto hali hech kim bermagan savollarga javob topishdir. Unda ma’lum bo‘lganlardan tashqariga chiqiladi, buning uchun esa muntazam fikrlash, qiyinchiliklarni dadil yengib o‘tish, ufqlarni tinimsiz izlash lozim. 

Haqiqiy olim darsliklarni o‘ylamasdan yodlaydigan va bayon etadigan kishi emas, balki tanqidiy fikrlashni biladigan, umume'tirof etilgan haqiqatlarga shubha qiladigan, noan’anaviy yechimlarni qidiradigan va topib, tavsiya etadiganlar bo‘lishadi.  

Har birimiz ilm-fanga o‘z hissamizni qo‘shishimiz mumkin. Buning uchun professor yoki ixtirochi bo‘lish shart emas, balki savol berishdan, javob izlash, tajriba o‘tkazish va qoliplardan chiqib o‘ylashdan qo‘rqmaslik kifoya. 

Faqat ma’lumot iste’molchisi bo‘lishni bas qiling!  Bilimni ijod quroliga aylantiring!  Va keyin o‘qigan sahifalaringizdan tashqarida kashfiyot va yutuqlarga to‘la ajoyib ilm olami ochiladi. Bu olamning go‘zal, charog‘on va rohatbaxshligini unga kirgan kishigina his qiladi! (B.Mengliyev)