L o a d i n g

MUQADDAS KITOBLARDAGI NUR VA DINIY UYDIRMALARDAGI ZULMAT



Din va ilm




Din – ko‘p qirrali va ziddiyatli hodisa. Ilm yo‘lidagi kishilar jamiyatning ilg‘or bir qatlami o‘laroq bu holatni teran anglaydi, ta’bir joiz bo‘lsa, tafakkur darajasi va yo‘sini sababli o‘z tanasida boshqalarga nisbatan ko‘proq his qiladi. Muqaddas kitoblarning asl g‘oyalariga zid keladigan, mazhablar, firqalar, tariqatlar tomonidan “ijoq qilingan” diniy uydirma (bid’at)lar ko‘pincha o‘zini jamiyatda va o‘zgalar nazarida maqomdor qilish yoki boshqa manfaatlar istagidagi dunyoqarashi past kishilar (ular ko‘pchilik) uchun vosita yoki qurol bo‘lib xizmat qiladi. Achinarli tomoni shundaki, ijtimoiy maqomi yuqori bo‘lgan olim va olimalar ham bunday kishilarga ibrat bo‘lish, ularning ko‘zini ochish, asl haqiqat yo‘lini ko‘rsatish, o‘zlariga ergashtirish o‘tniga, aksincha, ular darajasiga tushishadi – aqidaparastlik kishanlarini taqib, bid’at liboslarini kiyib olishadi.  Chunki tabiat qonuni shunday – ko‘tarilish qiyin, tushish oson.

Din insonlarni ilhomlantiradi va tasalli beradi, hayotimizga mazmun baxsh etadi. U xuddi quyosh kabi qalblarimizni munavvar qilib, iymon, poklik, vijdon, muhabbat va umid nurlariga to‘ldiradi.  Hayotning mazmuni, o‘lim, yaxshilik va yomonlik, insonning maqsadi haqidagi abadiy savollarga javob beradi. Rahm-shafqat va kechirimlilikni o‘rgatadi, hayotdagi qiyinchiliklarni yengish va qayg‘ularga taskin topishda bemisl ahamiyatga ega. 

Dinlarning sivilizatsiyalar rivojiga ulkan hissa qo‘shganini inkor etish adolatdan emas. U buyuk san’at, me’morchilik, musiqa va adabiy asarlarning yaratilishiga sabab va manba bo‘ldi. Mag‘zi ezgulik bo‘lgan barcha dinlar insoniyatning axloqiy qadriyatlari va xulqini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shdi, ijtimoiy tuzilmalarni shakllantirdi va odamlarga baxtsizlik va tushkunliklarni yengishga ko‘maklashdi va bu bardavomdir. Ammo ko‘pincha muqaddas matnlar sharhi bo‘lgan, ayrim hollarda ularga zid ham keladigan hosila bayon (ba’zi hadis, rivoyat, hikoyat)lar asosida shakllangan xurofot, aqida va marosimlar inson irodasi va tanqidiy fikrlashini bo‘g‘adigan kishanga ham aylandi. Dinning bu tarszda zulmatga aylanib, fikrlash va tanlash erkinligini cheklaydigan holatga tushirilishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Insoniyat tarixi davomida yuz bergan diniy urushlar, ta’qib va quvg‘inlar millionlab insonlarning hayotiga zomin bo‘lgani va bo‘layotgani hech kimga sir emas. Payg‘ambarlar vositachiligida dastlab birlashtirishga mo‘ljallangan dinlarning shayxlar, imomlar, ulamolar, domla va mullalar (islomda); papalar, kardinallar, arxiyepiskoplar, yepiskoplar, arximandritlar, igumenlar, muqaddas ota (svyashennik) lar, dyakonlar, monaxlar (nasroniylikda); ravvinlar, rebelar, xaxamlar, xazanlar (iudaizmda); lamalar, dsen-ustozlar, gurular (buddizmda) va h.lar tomonidan bo‘lib tashlanishi  xalqlar va kishilar orasida nizo, nafrat va ayirmachiliklarni keltirib chiqarayotgani, albatta, tashvishlanarli. 

Ko‘rinadiki, din ham yaxshilik, ham yomonlik uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan qudratli qurol. Bu unga qanday munosabatda bo‘lishimizga bog‘liq. Aslida e’tiqod shaxsiy masala va har bir inson o‘z fikri va tanloviga ega. Ammo din zulmatga aylanib, fikrlash va tanlash erkinligini cheklaydigan holatga tushirilishidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. O‘zga nuqtayi nazarlar ham, garchi ular biznikiga to‘g‘ri kelmasa-da, kamsitilmasligi va hurmat qilinishi kerak. Din har doim ham mutlaq yaxshilik yoki mutlaq yomonlik emas, balki foydali (asl) va zararli (uydirilgan) ma’lum bir nazariya va amallar majmuasidir. Unga tanqidiy munosabatda bo‘lish, muqaddas kitoblarda aks etmagan barcha dogmalarini ham so‘zsiz bajarish, an’analarga ko‘r-ko‘rona ergashish to‘g‘ri emas. Ayniqsa, ziyolilar, tadqiqotchi va olimlar dinlarning muqaddas kitoblardagi asillik va keyinchalik turli sabablar bilan qo‘shilgan uydirmalarini farqlash borasida boshqalarga ibrat bo‘lishi lozim (B.M.)