L o a d i n g

MAHDUDLIKDAN CHIQIB, ILMIY BAG‘RIKENG BO‘LING



Yosh olimlarga




Fanning hayajonli olami ostonasida turar ekansiz, o‘zingizni olovli ishtiyoq bilan muhim bilim sohasini o‘rganishga bag‘ishlashga tayyorsiz. Biroq bu yo‘lda Sizni makkor tuzoq ham kutmoqda, bu ilmiy mahdudlikdir. Ilmiy mahdudlik o‘z qarashlaridan boshqasini tan olmaslik, ularni tushunisni istamaslik, qanday qilib bo‘lmasin, inkor qilish yo‘lidan borish. Asossiz vajlar bilan birovlarning yutuqlarini yo‘qqa chiqarishga intilish illatining doyasi ilmiy mahdudlikdir. Ilmiy mahdudlik baxillik, hasad bilan qo‘shilib ketsa, yanada fojiali tus oladi. 

Mavzungizning tub-tubiga sho‘ng‘ib ketish, uni “yagona” dunyoga aylantirish oson, go‘yo uning quyoshidan tashqaridagi boshqa kashfiyotlar nuri so‘nib ketadi. O‘zingizni boshqa olimlar tadqiqotlarining “bema’ni”ligi yoki o‘z tadqiqotingizning “amaliy” tabiatiga ishontirib, mahdudlik vasvasasiga berilish hech gap emas. Ilmiy “devorlaringiz” tashqarisida erishilgan yutuqlarni tushunishni istamay, xususiy usul va tushunchalaringizning qora ko‘zoynagi orqali boshqa tadqiqotlarni baholash naqadar xunuk ekanligini anglab yeting.

Fan Sizning xususiy qo‘rg‘oningiz emas, balki har bir tadqiqot unga bir tomchi o‘laroq hissa bo‘lib qo‘shiladigan bilimlar ummonidir.   

Haqiqiy olim qiziquvchan sayohatchiga o‘xshaydi: u yangi sohalar ufqlarini ko‘rish va boshqa ilmiy maktablar mantig‘ini tushunish uchun o‘zining “qulaylik hududi” dan tashqariga chiqishdan qo‘rqmaydi. Hatto uzoq ko‘ringan hududlar orasidagi eng kutilmagan aloqalar ham inqilobiy g‘oyalarni keltirib chiqarishi mumkinligini mardona tan oladi. 

Tor ixtisosligingiz imkoniyatlariningizni cheklashiga yo‘l qo‘ymang. Mahdudlik – zaiflik, noma’lum, begona narsadan qo‘rqish aslida. Yangiliklarga ochiq bo‘ling, ilmiy bag‘rikenglik qiling, boshqa sohalardagi hamkasblaringizdan o‘rganing, shunda o‘z tadqiqotlaringiz yangi qirralar bilan porlaydi va qarashlaringiz kengligi tufayli ilmiy dunyoqarashingiz boyib boraveradi.