L o a d i n g

MAG‘RUR BO‘LAMAN DEB TAKABBUR BO‘LIB QOLMANG



G`urur va kibr




Insoniy his-tuyg‘u va fazilatlar qurshovida g‘urur va takabburlik orasidan o‘tgan yo‘ldek chalkashi kam.  Ikkala tuyg‘u ham o‘zini qadrlash hissi bilan bog‘liq, ammo ular o‘rtasida o‘zini hurmat qilish va boshqalarga nisbatan kalondimog‘likni ajratib turadigan jarlik yotadi.

Mag‘rurlik (g‘urur) – sog‘lom va tabiiy tuyg‘u.  Bu – yutuqlar uchun quvonch, yaxshi bajarilgan ishdan qoniqish, haqiqiy yutuqlarga asoslangan o‘ziga ishonch.  Mag‘rurlik tashqi tasdig‘ini izlamaydi – u  yo‘limizni yoritib, yangi yutuqlarga ilhomlantiradi. 

 Takabburlik (kibr) ruhni o‘rab olgan zaharli o‘tga o‘xshaydi. O‘zini ulug‘lash, o‘ziga aslidan yuqori baho berish, boshqalarni mensimaslik, o‘z ustunligiga mutlaq ishonish ko‘pincha asossiz boʻladi.  Takabburlik boshqalarning e’tiborini, sajda qilishlarini talab qiladi, o‘zgalarning kamsitilishi bilan oziqlanadi. Takabbur kishi boshqalarning ishidan nuqson qidiradi. Aslida uning zamirida hasad, xudbinlik  ham yotadi. U odamning o‘z kamchiliklarini ko‘rishi va shaxsiy o‘sishiga to‘sqinlik qiladi. 

 Mag‘rurlik haqiqiy yutuqlarga, takabburlik esa yolg‘onlarga asoslanadi. Aslida kibr nomukammalik va nuqsonlarni bekitish uchun ishlaydi. Mag‘rur odam boshqalarning muvaffaqiyatlaridan quvonish, qo‘llab-quvvatlash va ilhomlantirishga qodir. Takabbur odam boshqalarning g‘alabalarida o‘zining xayoliy buyukligiga tahdidni ko‘radi. U hasadgo‘y, ichi qora va ko‘pincha esa yolg‘izdir.

Takabburlik qalbingizni egallashiga yo‘l qo‘ymang. O‘zingizda haqiqiy ish va harakatlaringizga asoslangan sog‘lom g‘ururni tarbiyalashingiz lozim. Esda tutingki, har bir inson o‘zining mavqeyi, yutuqlari va kelib chiqishidan qat’i nazar, noyob va, albbatta, hurmatga loyiq. Inson ruhiyatining haqiqiy kuch va go‘zalligi – dunyoning buyukligi oldida kamtarligi va boshqalarga hurmatida deb bilaman (B.Mengliyev).