DISSERTATSIYA MA’RUZASI
Dissertatsiya himoyasidagi ma’ruza deganda, odatda, minbarga chiqib, tayyorlagan matnini titrab-qaqshab, past va jonsiz (robot misoli), ovozda yarim-yuluq o‘qib berayotgan (hatto taqdimotga qarashni ham butkul unutib qo‘ygan), o‘zini bo‘ri galasi oldida turgan nimjon qo‘zichoqdek tutadigan ojiz-u notavon, har bir kimsadan mo‘ltirab shafqat kutayotgan aftodahol bir kimsa ko‘z oldimga keladi. Dissertantning bu holati “o‘lja”sini ochiqib kutayotgan “bo‘ri”larga juda ham qo‘l kelib, quvnoq ov marosimini boshlab yuborishadi. Va oxirgi so‘z berilganda u kamiga ayanchli yig‘isini ham “ilova” qilib, “tragik” sahna ko‘rinishiga ayanchli yakun ham yasaydi. Uning diltang shiori ham bor: “Yarim soat sharmandalik va men PhDman!” Dissertantning bu holati menga Abdulla Qahhorning “hammaga jovdirab qaraydi, lekin ko‘zlari hech kimni ko‘rmaydi” degan tasviridagi Qobil boboning mahzun holatini eslatadi.
Ko’pchilik ham dissertatsiyani shunchaki bir nutq, sidirgʻasiga o‘qib berilishi va kengashga taqdim etilishi kerak bo’lgan so‘zlar to‘plami sifatida tushunadi. Aslida dissertatsiya himoyasi faqat bilimning oddiy nomoyon bo‘lishi emas, u – juda keng qamrovli jarayon, dissertatsiyaning muvaffaqiyatini ta’minlaydigan serqirra va mukammal sahna asari.
Tasavvur qiling, sahna yoritilgan, barchaning ko’zlari Sizda. Siz aktyor va ma’ruzangiz rolingizdir.
Maʼruza matni – sinchkovlik bilan qayta-qayta, aytish lozimki, yuz martalab takrorlangan nutq: har bir qismi, har bir jadval, har bir dalil sinchkovlik bilan o‘ylangan harakat, uning keyingisi avvalgisidan mantiqan kelib chiqishi va muvaffaqiyatli yakunga olib kelishi kerak.
Taqdimotingiz – asosiy rol o‘ynaydigan iliy janr namunasi. Siz shunchaki matnni o‘qib bermasligingiz kerak, balki tadqiqotingiz natijalarini jonli, asosli, ishonchli tarzda taqdim etishingiz lozim. Nutqingiz esda qolarli, yorqin va hayajonli bo‘lmog‘I shart.
Kengash savollari improvizatsiya, unga o‘zingizni yo‘qotmasdan moslashishingiz kerak: tayyorgarlikingiz ehtimoliy savollarni oldindan intuitiv bilish va ularga tayyor taxminiy javoblarni ham o‘z ichiga olishi lozim.
Esta turing-ki:
1) tadqiqotingiz sahnangizning asosi, poydevori: ishingiz qanchalik chuqur va sifatli bo’lsa, taqdimotingiz ham shunchalik ishonchli bo‘ladi;
2) ilmiy rahbar (maslahatchi) Sizni mukammal sahna yaratishda undaydigan rejissyor: uning maslahati va yo‘l-yo‘riqlari nafaqat yozish jarayonida yordam beradi, balki himoyaga ham tayyorlaydi.
Dissertatsiya himoyasi shunchaki marosim emas, balki faoliyatingizdagi muhim bosqich. Unda o‘zingizni mahoratli notiq, ruhiy barqaqor, ma’naviy yetuk, oqil va ilmiy SHAXS sifatida himoya qilasiz.