DIALEKTIKA VA SINERGETIKA: RIVOJLANISHGA TURLI TOMONLARDAN QARASH
DIALEKTIKA VA SINERGETIKA: RIVOJLANISHGA TURLI TOMONLARDAN QARASH
“Ustoz, dialektika va sinergetika orasidagi aniq farq nima?” Bu – “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi” o’quv kursi bo’yicha ma’ruzadan so’ng talabalardan biri menga bergan savol. Uni sodda tushuntirish uchun nimadir yozishni ko’nglimga tugib qo’ygan edim. Ammo bungacha ham bu boradagi ayrim ishlar va, ayniqsa, do’stimiz, faylasuf Dilmurodjon Bozorovning monografiyasi, marhum iqtidorli tilshunos ukamiz Azamatjon Rahimovning nomzodlik dissertatsiyasi bilan tanish edim.
Savol, garchi koridorda berilgan bo’lsa ham, tasodifiy emas edi. Ikkala falsafa ham rivojlanishni o’rganadi, lekin, ta’bir joiz bo’lsa, ular masalaga turli tomondan yondashuvdir. Tasavvur qiling. Sirdaryodan oqizilgan suv maqsadli va tartib (zarurat) asosida edi. Zero, ortiqcha suv atrofga xavf solayotgan edi. Lekin bir muammoning yechimi kutilmaganda boshqa muammo – yangi suv havzasi katta ko’l – Aydarko’lni keltirib chiqardi. Tartib tartibsizlik (xaos) ni keltirib chiqardi. Ammo bu kutilmaganligi uchun tartibsizlik edi. Aslida suvning oqimi ko’lni hosil qilishi ma’lum qonuniyat asosida sodir bo’ladi.
Kutilgan hodisalar falsafasi – dialektika, kutilmagan hodisalar falsafasi esa sinergetikadir. Daraxt o’sishini kuzatmoqdamiz. Dialektika, donishmand qariya singari, qarama-qarshiliklarga diqqat qaratadi: nihol va tuproq o’rtasidagi kurash, yorug’lik va cheklangan resurslarga tashnalik. U daraxtning rivojlanishida tabiiy kurash jarayoni – qarama-qarshiliklar birligi, miqdorning sifatga o’tishi, inkorni inkor etishini ko’radi. Sinergetika, xuddi izlanuvchan tabiatshunos olim kabi, mikroskop bilan qurollanib, alohida hujayralarning o’zaro ta’sirini, oziq moddalar oqimini va tashqi omillar ta’sirini o'rganishni boshlaydi. U sistemaning o’zini o’zi (tasodiyi) tashkil etishi, chiziqli (tartibli) bo’lmagan ta’sirlar va tasodifiylik daraxt tuzilishining tartibi va murakkabligiga qanday olib kelishi bilan qiziqadi. Yuqorida misol keltirganimiz ko’l kutilmagan muammo – u o’zini o’zi tashkil etgan sistemadir. Yoki tilimizga boshqa tillardan so’zlar tasodifiy – xaotik (tartibsiz) ravishda kirib keladi. Lekin bu tartibsizlik zamirida mustahkam qonuniyat (sabab, zarurat, tartib) bor, albatta. Umuman olganda, kutilmagan, tasodifiy hodisalarning “yuza” tomoni sinergetikani, uning zamiridagi botiniy qonuniyatlar dialektikani o’ziga jalb qiladi.
Dialektikada zaruriyat va tasodif degan kategoriya juftligi bor. Zarurat dialektikaning, tasodif esa sinergetikaning “mulki”dir. Ammo har qanday tasodif asosida qonuniyat (zarurat) yotadi. Tasodiflar to’liq o’rganilgach dialektikaning mulkiga aylanadi. Oddiy qilib aytganda, dialektikada har qanday sistemaning rivojlanishini boshqaradigan qonunlarga, sinergetika murakkab sistemalarning o’zini o’zi tashkil qilish mexanizmlariga e’tibor qaratadi. Yodda tutish kerakki, bu qarama-qarshi nazariyalar emas, balki bir varaqning ikki sahifasi kabi bir-birini to’ldiruvchi yondashuvlardir. Dialektika umumiy tamoyillarni, sinergetika esa tahlil qilish uchun maxsus vositalarni beradi. Ular birgalikda tartib qanday tartibsizlikdan tug’ilishini, oddiyning qanday murakkablashishini, tasodiflar qanday vugudga kelishini yaxshiroq tushunishga imkon beradi.
Shunday qilib, talabaning savoliga javob berar ekanman, shunday deganim esimda: dialektikani ham, sinergetikani ham o’rganing. Axir, dunyoni to’liq ko’rish uchun bizga turli – yaqinni (sinergetika) va uzoqni (dialektika) ko’rsatadigan linzalar kerak.