Filologiya fanlari doktori (DSc), professor
Yusubova Rano Norboyevna 1974-yilning 13-dekabrida Navoiy viloyati Navbahor tumanida tavallud topgan.
1998-yil Toshkent Davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) O‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
Navoiy davlat pedagogika institutida 2001-yilda tashqi o‘rindoshlik asosida, 2002-yildan asosiy shtatda faoliyat yuritib kelmoqda.
R.N.Yusubova 1997-1998-yillarda Toshkent shahridagi 16-maktab o‘qituvchisi, 1998-2002-yillarda Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi, 2002-2009-yillarda Navoiy davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi, 2009-yildan katta o‘qituvchi, 2019-yildan dotsent, 2023-yildan kafedra professori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
R.N.Yusubova 2017-2022-yillarda Navoiy davlat pedagogika instituti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.
R.N.Yusubova 2011-yilda O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti huzuridagi ilmiy kengashda “Hozirgi o‘zbek poeziyasida tejamlilik va ortiqchalik (A.Oripov lirikasi misolida)” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini, 2021-yilda Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03 raqamli ilmiy kengashda “Tejamlilik va ortiqchalikning lingvopoetik xususiyatlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
R.N.Yusubova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-martdagi 178-F-sonli farmoyishi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018-yil 12-martdagi 233-sonli buyrug‘iga ko‘ra “Yoshlarda kitobxonlik madaniyatini targ‘ib etishning oila-mahalla-ta’lim muassasasi hamkorligi” mavzusida hamda “Oliy ta’limda darsdan tashqari mashg‘ulotlar – talabalarning kasbiy kompetentligini shakllantirish omili” mavzusida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-fevraldagi 6-F-sonli farmoyishiga ko‘ra “Ta’limda ustoz-shogird tizimi – sifat va samaradorlik kafolati” mavzusida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-martdagi 78-F-sonli farmoyishiga muvofiq “Oliy ta’limda fanlararo aloqadorlik” mavzusida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-martdagi 101F-sonli farmoyishiga ko‘ra “Globallashuv sharoitida o‘zbek tili nufuzini oshirishning nazariy va amaliy masalalariga yangicha yondashuv: muammo, yechim, istiqbollar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumanlarini o‘tkazgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5850-son farmoniga ko‘ra 2019-yil 20-oktabrda “Globallashuv sharoitida o‘zbek tili va o‘zga tillar munosabati: muammo, yechim, istiqbollar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga boshchilik qilgan.
R.N.Yusubovaning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan professional va oliy ta'lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar hamda navbatdagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida o‘tkazilgan majlisning 2023-yil 27-apreldagi 39-son bayoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, Fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 2-maydagi “2023-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 118-buyrug‘iga asosan “Globallashuv davrida turli tizimli tillar munosabati” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanini o‘tkazish rejaga kiritilgan.
R.N.Yusubova 13.00.02. – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (o‘zbek tili) ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktorant Yu.Qurbonovaning, 10.00.01 – O‘zbek tili ixtisosligi bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan tayanch doktorantlar D.Yo‘ldosheva, S.Nurmanova, Yu.Rahmatova, D.Yandashovalarning, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktorant G.Nematullaevalarning filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun olib borayotgan tadqiqot ishiga ilmiy rahbarlik qilmoqda.
R.N.Yusubovaning 2017-yilda iqtidorli talabasi Sarvinoz Nurmanova, 2021-yilda iqtidorli talabasi Sevara Qahramonova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Alisher Navoiy nomdor davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan.
R.N.Yusubova Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʻlumotlar bazalarining huquqiy himoyasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturga 2 ta guvohnoma olgan.
U hozirga qadar tilshunoslikning lingvopoetika, lingvokulturologiya, lingvopragmatika, lingvokognitiv aspektlarida izlanishlar olib borib, respublika OAK ro‘yxatidagi jurnallarda 30 ga yaqin, xorijiy davlatlarning nufuzli jurnallarida 10 dan ortiq ilmiy maqola, respublika konferensiyalarida 50 ga yaqin, xalqaro va xorijiy konferensiyalarida 30 ga yaqin ilmiy tezislar e’lon qildirgan.
R.N.Yusubova “Matn lingvistikasi” darsligi (2022), “Hozirgi o‘zbek adabi tili” (2023), “Lingvopoetika asoslari” o‘quv qo‘llanmalari, “Poetik matnda tejamlilik va ortiqchalik” (2018), “Tejamlilik va ortiqchalikning lingvopoetik xususiyatlari” (2020), “Language and art of Alisher Navoi`s works” (hammualliflikda, 2021), “Navoiy fasohati” (2023) monografiyalari hamda 20 dan ortiq uslubiy qo‘llanma va ko‘rsatmalar muallifi.
R.N.Yusubova Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar hamda Buxoro davlat universiteti huzuridagi filologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi DSc 03/04.06.2021 Fil.72.09 raqamli ilmiy kengash a’zosi.
R.N.Yusubova 2015-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, 2021-yilda «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan.