Filologiya fanlari doktori (DSc), professor
Filologiya fanlari doktori, professor Ernazarova Manzura Saparboyevna 1996-yilda Nukus davlat universiteti filologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatib, Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 2-maktabda o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Ana shu yillarda o‘qituvchilik bilan birga “Navbahor tongi” ro‘znomasida jurnalist sifatida faoliyat olib borgan.
Manzura Ernazarova 1997-yilda Buxoro davlat universiteti aspiranturasining kunduzgi bo‘limiga o‘qishga kirib, 2000-yilda nomzodlik dissertatsiyasini muddatdan oldin Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi K 113.18.02 birlashgan-ixtisoslashgan ilmiy kengashida himoya qildi va pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.
2011-2014-yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti doktoranti. 2018-yilda “Grammatik ma’no lisoniy va pragmatik omillar yaxlitligida” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini ilmiy maslahatchi prof. B.R.Mengliyev rahbarligida Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSs.27.06.2017. Fil.02.03 raqamli Ilmiy kengashda muvaffaqiyatli himoya qilib, 10.00.01 – O‘zbek tili ixtisosligi bo‘yicha filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini oldi.
2007-yildan Boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan. Shu yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi qaroriga asosan dotsent ilmiy unvonini olgan.
M.S.Ernazarova “Xalq ta’limi a’lochisi” (2014) ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
“O‘zbek tili” darsligi (ta’lim qoraqolpoq tilida olib boriladigan maktablarning 2-sinflari uchun, 1998, 2003, 2005 yillarda) bir necha marta nashr qilingan. Ta’lim qoraqolpoq tilida olib boriladigan maktablarning 2-9-sinflari uchun “O‘zbek tili” dasturining tuzuvchilaridan biridir.
Respublika oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakulteti talabalari uchun “Ona tili o‘qitish metodikasi” darsligi (2012) hamda “O‘zbek dialektologiyasi”, “O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi” (2024) o‘quv qo‘llanmalari hamda shu yili “Hozirgi o‘zbek tili” (morfologik-morfemik sath) darsliklarining mualliflaridan biridir.
Ernazarova Manzura Saparboyevna “Substantsial – pragmatik atamalarning qisqacha izohli lug‘ati” dasturi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan DGU 2019 0577 raqamli Guvohnoma, “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun rasmli-izohli o‘zbekcha-inglizcha o‘quv lug‘ati” elektron o‘quv qo‘llanma uchun EHM dasturiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan DGU 2019 1579 raqamli Guvohnoma, “Ra’no Sayfullaeva nomidagi psixolingvistik effekt” 1-qism dasturi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan DGU 2020 1163 raqamli Guvohnoma, “Ra’no Sayfullaeva nomidagi psixolingvistik effekt” 2-qism dasturi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan DGU 2020 1164 raqamli Guvohnoma,“Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun rasmli-izohli o‘zbekcha-inglizcha o‘quv lug‘ati” 2-sinflarga elektron o‘quv qo‘llanma uchun EHM dasturiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan DGU 2020 0997 raqamli Guvohnomasini olgan.
“Grammatik ma’no lisoniy va pragmatik omillar yaxlitligida” nomli monografiya (2016), “Substantsial – pragmatik terminlarning qisqacha izohli lug‘ati”(2017), “Rasmli-izohli o‘zbekcha-inglizcha o‘quv lug‘ati”(1-sinf “Ona tili” darsligi asosida. Toshkent, 2020), “Rasmli-izohli o‘zbekcha-inglizcha o‘quv lug‘ati”(2-sinf “Ona tili” darsligi asosida. Toshkent, 2020)ni nashrdan chiqardi.
2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan “O‘zbek tilini o‘qitishning eng yaxshi metodikasi” ilmiy-ijodiy tanlovining metodik yo‘nalishida 3-o‘rinni egallab, III darajali diplom bilan taqdirlandi.
Ernazarova Manzura Saparboyevna Navoiy davlat pedagogika instituti Boshlang‘ich ta’lim kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib, Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi talabalariga saboq berish bilan birga ularni Ona tili va adabiyot fanidan respublika fan olimpiadalariga tayyorlab, Respublika fan olimpiadasida Shukurova Madinabonu III darajali diplom (2015), Yo‘ldosheva Maftunabonu II darajali diplom (2017), Husenova Muhtaram I darajali diplom (2018)larni olishida ilmiy rahbarlik qilgan. Iqtidorli talabalari Husenova Muhtaram 2019 yilda Navoiy Davlat stipendiyasi sovrundori, Rahmatullaeva Nargiza Baxtiyor qizi Navoiy davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan “Yil talabasi 2020”tanlovida “Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng faol talabasi” nominatsiyasida III o‘rinni hamda 2021-yilda Navoiy Davlat stipendiyasi sovrundori bo‘ldi.
2023-yilda O‘zbek tili ixtisosligi bo‘yicha Professor ilmiy unvonini oldi.
Professor Ernazarova Manzura Saparboyevna ilmiy rahbarligida Yunusova Durdona Axtamovna “Shavkat Rahmon she’riyatida metaforani hosil qiluvchi leksik-grammatik vositalar tadqiqi” (10.00.01 – O‘zbek tili), Holikulova Feruza Xasanovna “Boshlang‘ich sinflarda bayon yozishga o‘rgatish orqali o‘quvchilarning yozma nutqini shakllantirish” (13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi), Ravshanova Ra’no Xandamovna “Institutsional va spontan nutqda murojaat shakllari” ” (10.00.01 – O‘zbek tili), Pardayeva Madixabonu Xakimovna “Abdulla Qodiriy hajviy asarlari tilining leksik-morfologik xususiyatlari” (10.00.01 – O‘zbek tili) mavzularida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori (PhD) dissertatsiyalarini muvafaqqiyatli himoya qilib, ilmiy darajaga ega bo‘ldilar.
Filologiya fanlari doktori, professor Ernazarova Manzura Saparboevna Respublika ta’lim sifatini nazorat qilish inspektsiyasida ham ekspert sifatida Buxoro davlat universiteti va Urganch davlat universitetini attestatsiyadan o‘tkazishda faol ishtirok etgan. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida hamda boshqa tashkilotlarda ekspert sifatida faoliyat yuritgan.
Tilshunoslikining dolzarb muammolariga oid 180 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 4 ta darslik, 3 ta o‘quv qo‘llanma, 154 dan ortiq ilmiy maqola (6 ta ilmiy maqolasi Scopus va Web of science bazasidagi xorijiy jurnallarda), 1 ta monografiya, 12 ta guvohnomalar muallifi.
Ishtirok etgan loyihalari:
“Umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida og‘zaki va yozma nutqiy kompetensiyalarni rivojlantiruvchi elektron platforma yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha a’zosi (2021-2022-yillar).